KASBIY TA’LIM MUASSASALARI O‘QUVCHILARI ISHTIROKIDA “ZAKOVAT” INTELLEKTUAL O‘YINI O‘TKAZILDI

Joriy yil 4-dekabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi, Toshkent viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi hamda “Zakovat intellektual klubi” NNT hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan Oqqo‘rg‘on tumanidagi Kasbiy ko‘nikmalar markazida “Konstitutsiya – huquq va erkinligimiz kafolati” mavzusida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva hamda Toshkent viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i N.Kulbekova barcha ishtirokchi jamoalarga omad tiladi.

Intellektual o‘yin yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, iqtidorli yoshlarga intellektual salohiyatlarini namoyon etishlariga sharoit yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida Toshkent vilyaotidagi kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida o‘tkazildi.

Intellektual o‘yin davomida jamoalar mantiqiy, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va kasaba uyushmalari faoliyatiga doir 24 ta savollarga javob topishdi.

Qiziqarli savol-javoblar, bilimlar va fikrlar to‘qnashuviga boy tarzda o‘tgan o‘yinda g‘oliblikni Oqqo‘rg‘on tumani 2-son texnikumining “Adolat yulduzlari” jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Oqqo‘rg‘on tumani 1-son texnikumining “Komilsulton” jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Bo‘ka tumani 2-son texnikumining “Intellekt” jamoasi egalladi.

G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Print Friendly, PDF & Email