2017-yilda yurtimizda boshlangan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar kasaba uyushmalari tizimi faoliyatida ham aks etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan, o‘tgan davr mobaynida kasaba uyushmalari tizimi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator qonun va qarorlar qabul qilindi.
Xususan, 2020-yil 20-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan 11-noyabr – «O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni» etib belgilandi. Ushbu sana 2021 yildan boshlab yurtimizdagi mehnatkashlar orasida keng nishonlab kelinmoqda.
Bu yil ham ushbu sana arafasida yurtimizdagi, xususan Toshkent viloyatidagi korxona va tashkilotlar mehnat jamoalarida 11-noyabr – «O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni» munosabati bilan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari 120 yil xalq bilan” shiori ostida madaniy-ma’rifiy bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.
2025-yilning 7-noyabr kuni “Qibray klinik” sanatoriysida Toshkent viloyatidagi korxona va tashkilotlarda uzoq yillar fidokorona mehnat qilgan ishchi-xodimlar, kasaba uyushmalari faollari hamda mehnat faxriylari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Z.Mirzayev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari B.Maxmadaliyev, O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi N.Alimdjanova hamda tuman-shahar hokimlari ishtirok etdilar.


Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev sana munosabati bilan viloyatdagi barcha kasaba uyushmalari faollari va a’zolarini samimiy tabrikladi.

Z.Mirzayev O‘zbekiston kasaba uyushmalari 120 yillik tarixga ega tashkilot ekanligi, ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishda ushbu kasaba uyushmalarining o‘rni va roli benihoya katta ekanligini e’tirof etdi.
Joriy yil 17-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvida kasaba uyushmalari harakati tashkil topganiga 120 yil to‘lganligi, ushbu davr mobaynida kasaba uyushmalari tomonidan mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilganligi, so‘nggi yillarda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish borasida Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi to‘g‘risida” va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinishi muhim qadam bo‘lganligi, O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berilgani xalqaro miqyosda e’tirof etilib, mamlakatimiz Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy olganligi ta’kidlandi.
Shundan so’ng, mehnat faxriylari, turli sohalarda uzoq yillar davomida samarali faoliyat yuritib kelayotgan ishchi-xodimlar, kasaba uyushmalari tizimining bir guruh faollari viloyat hokimi tomonidan faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.




O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining joriy yil 2 oktabrdagi qaroriga asosan mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, kasaba uyushmalari harakatiga katta hissa qo‘shgan, nufuzini oshirib, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etgan soha xodimlari va kasaba uyushmasi hamkorlari “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.
Tadbir davomida mazkur esdalik nishonlari mehnat jamoalarida samarali faoliyat yuritayotgan, xodimlarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini himoya qilishda fidokorona mehnat qilib kelayotgan 120 nafar soha vakillariga O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o’rinbosari B.Maxmadaliyev hamda O’zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi N.Alimdjanovalar tomonidan tantanali ravishda topshirildi.





Shuningdek, taqdirlangan kasaba uyushmalari tizimining bir guruh faollari tomonidan Nurafshon shahridagi Zulfiya Zokirova nomidagi me’morial yodgorlik majmuasiga gulchambar qoʻyildi.




Tadbir davomida ishtirokchilar uchun bayram dasturxoni yozilib, diltortar kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.















Spelling error report
The following text will be sent to our editors: