O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashining IX hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, ishlab chiqarish korxonalari kasaba uyushmalari tashkilotlari raislari va boshqalar ishtirok etdilar.
Dastlab kun tartibidagi qator masalalar ko‘rib chiqilib, viloyat kengashining 2021-2025 yillardagi faoliyati tahlil qilindi. Kengash raisi Sayyora Fayziyevaning ma’ruzasi tinglandi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda viloyatdagi 3 ming 263 ta kasaba uyushmasi tashkiloti 584 ming 134 nafar a’zoni qamrab olgan. Kasaba uyushmasiga jalb etilgan yangi tashkilotlar soni 2020 yilga nisbatan 986 taga, a’zolar soni esa 245 ming 615 nafarga ko‘paygan. A’zolik afzalliklarini targ‘ib etish natijasida 2024 yilda 100 ming nafardan ortiq xodim a’zolikka jalb etilgan.
2020 yilda korxona, tashkilot va muassasalarda qabul qilingan jamoa shartnomalarining bandlari 98,5 foizga bajarilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 99,5 foizga yetgan. Davlat dasturlarida belgilangan vazifalar doirasida o‘tgan davrda jamoa shartnomalari orqali kasaba uyushmalari tomonidan kam ta’minlangan oila vakillari, nafaqa yoshiga yetgan xodimlar, nogironligi bor shaxslar hamda mehnat jamoalarida band bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ishlariga 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi va uning joylardagi bo‘limlari bilan hamkorlikda 2 mingga yaqin mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, mavjud vakant o‘rinlarga 16 ming 653 nafar fuqaro ishga joylashtirildi.
Hisobot davrida 5 ming 800 ta korxona, tashkilot va muassasada monitoring o‘tkazilib, 33 milliard so‘mdan ziyod ish haqidan qarzdorlik bartaraf etildi.
Ishchi-xodimlarga munosib shart-sharoitlar yaratish, baxtsiz hodisalar, kasb kasalliklarining oldini olish yuzasidan 2015 ta o‘quv-seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi. Shuningdek, 2 mingga yaqin korxona va tashkilotda jamoatchilik nazorati amalga oshirilib, qariyb ikki yarim mingdan ortiq kamchilik aniqlanib, ish beruvchilarga tegishli tartibda taqdimnomalar kiritildi. Natijada 47 ming nafardan ortiq shaxsning haq-huquqlari tiklandi va xodimlar foydasiga 7 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishiga erishildi.
Bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish maqsadida paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida shakllantirilgan Milliy monitoring guruhi tomonidan terimchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilib, 2000 nafardan ziyod terimchining 3 milliard so‘mga yaqin kechiktirilgan paxta pullari to‘lab berilishida amaliy yordam ko‘rsatildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining tashrif qog‘oziga aylangan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash, xususan, «Ayollar daftari» yo‘nalishida ham e’tirof etishga arzigulik vazifalar bajarildi. Ya’ni «Ayollar daftari»ning 1-6-bosqichlarida jami 392 ming 302 nafar xotin-qizning turmush sharoiti o‘rganilib, ularga tegishliligi bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. Ushbu ishlarga 379 milliard 400 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Turizmni rivojlantirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» shiori doirasida 200 nafar mehnatkash va ularning oila a’zolari mamlakatimizdagi diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qilishdi.
Sport-sog‘lomlashtirish ishlari kasaba uyushmalarining doimiy diqqat e’tiborida bo‘lib, tizimdagi tashkilotlar tomonidan «Salomatlik spartakiadasi», «Sog‘lom turmush sari», «Besh tashabbus olimpiadasi», «Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim» shiori ostida 6 mingga yaqin sport tadbirlari va musobaqalar tashkil etilib, ularda 252 mingga yaqin ishchi-xodimning ishtiroki ta’minlandi.
Hisobot davrida jami 227 ming nafarga yaqin bola sog‘lomlashtirildi. Ushbu maqsadga ijtimoiy sug‘urta, kasaba uyushmalari, xo‘jalik organlari, ota-onalar va homiylik mablag‘lari hisobidan 90 milliard 800 million so‘m mablag‘ sarflandi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qarovisiz qolgan bolalarni sog‘lomlashtirishga alohida e’tibor qaratilib, birgina 2024 yilda 1 ming 700 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz tasarrufdagi oromgohlarda dam olib qaytishdi.
Muqobillik asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylovlarda Sayyora Fayziyeva viloyat kengashi raisi, O‘tkir Rashidov va Lola Xolmo‘minova rais o‘rinbosari lavozimiga saylandi.
– O‘tgan davrda oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarga erishdik, deb aytishga asosimiz bor, – dedi Sayyora Fayziyeva. – Oldinda qiladigan ishlarimiz bisyor, rejalar ko‘p. Xususan, yaqin yillar ichida viloyatdagi yirik ishlab chiqarish korxonalarini kasaba uyushmalariga jalb qilish, bu orqali a’zolar sonini bir millionga yetkazish niyatidamiz. Muxtasar aytganda, mehnatkashlar ishonchini oqlash uchun astoydil harakat qilamiz.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: