Jo‘rabek Islombekov, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Toshkent viloyati bo‘yicha mehnat texnik inspektori:
— Mehnat texnik inspektorining asosiy ishi o‘z nomidan ham ma’lum, ish joylaridagi mehnat muhofazasi belgilangan me’yorlarga amal qilgan holda yaratilganligi nazoratini olib borish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilib, xodimlar salomatligi va manfaatlarini himoya qilish.
Biz maxsus farmoyishga muvofiq joylardagi tibbiyot tashkilotlariga chiqib, mana shu omillarni va albatta, ish beruvchi hamda xodimlarning majburiy sug‘urtalanganligi, nogironligi bor bo‘lgan shaxslarga berilgan imtiyozlardan to‘la foydalanish holatlarini monitoring qilamiz.
Ayniqsa, tibbiyot tizimida zararli omillar bilan ishlovchi, jumladan, ichki dorixonalar, qon tahlillari laboratoriyalari va yuqumli kasalliklar shifoxonalarida ishlaydiganlar ko‘p. Bunday ishchilarga albatta qo‘shimcha imtiyozlar va ustamalar to‘lanishi, ular sut mahsulotlari hamda maxsus himoya vositalari, kiyim-bosh bilan ta’minlanishi shart. Viloyatda jami 89 ta ana shunday sharoitlarda ishlovchi tibbiyot tashkilotlari bor.
Agar ishlab chiqarish va zararli omillar bilan ishlaydigan tashkilotda 50 nafar kishidan ortiq odam mehnat qilsa, u yerda albatta mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lishi kerak. Bunday mutaxassis ba’zi tashkilotlarda bor, ba’zilarida yo‘q. Ba’zan esa, bu vazifa qaysidir xodimga qo‘shimcha yuklatilgan bo‘ladi.
Hozir o‘rganishlarimiz jarayonida ko‘pgina mehnat muhofazasi mutaxassislari xo‘jako‘rsinga tayinlanganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ular o‘qitilmagan, malakasi ham oshirilmagan. Yoki bo‘lmasa, zararli omillarda ishlayotganlarga sut mahsulotlari berilmayotgani va maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanmayotgani aniqlanadi. Bu esa, ishga e’tiborsizlik va mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emas.
Ba’zan kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf qilishni talab qilsak, ish beruvchilar bu narsalar moliyaviy muammolarga borib taqalishini aytishadi. Moliya tashkilotlari bilan gaplashsak, bunga hech qanday e’tirozlari yo‘qligini bildirishadi.
Bu yerda gap shundaki, ish beruvchilarning aksariyati ko‘p sonli insonlar salomatligi va hayotining muhofazasi uchun bu zarurat ekanligini va qat’iy normalar asosida belgilab qo‘yilganligini tushuntirishning uddasidan chiqishmaydi. O‘z-o‘zidan bu holatlarning huquqiy normativlardan to‘la xabardor bo‘lmaslik va e’tiborsizlik sababli yuz berayotganligini anglash qiyin emas.
Tibbiyot tashkilotlaridagi ish beruvchilar tomonidan mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassislarning ish o‘rni va vazifasi aniq qilib belgilab qo‘yilsa va ularning belgilangan vaqtlarda malakasi oshirib borilishiga jiddiyroq e’tibor berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
“ISHONCH” muxbiri Xolida EGAMBERDIEVA suhbatlashdi.
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: