“ISHONCH” muxbiri XOLIDA EGAMBERDIEVA suhbatlashdi.
Ayni paytda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent viloyati kengashi tarkibida 86 ta tashkilot, 65 ming nafardan ziyod kasaba uyushma a’zolari ro‘yxatga olingan.
Ushbu tarmoqning Toshkent viloyati bo‘yicha mehnat huquq inspektori tomonidan 2023 yil davomida sudlarga 25 ta da’vo arizalari kiritilgan bo‘lib, tizimdagi 700 nafarga yaqin ishchi-xodimlar manfaati tiklangan. Undirib berilgan mablag‘lar esa, 2 mlrd. 240 mln 369 ming so‘mni tashkil qilgan.
“Ishonch” muxbiri xodimlar manfaatini tiklash jarayonining borishi xususida batafsil ma’lumotlar olish maqsadida, sog‘liqni saqlash tarmog‘ining mehnat huquq hamda mehnat texnik inspektorlari bilan suhbatlashdi.
Muhammadjon Ro‘zmetov, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Toshkent viloyati bo‘yicha mehnat huquq inspektori:
— Tashkilotlardagi aksariyat ish beruvchilar, xodimlar bo‘limi boshliqlari hamda hisobchilar mehnat qonunchiligida belgilangan normalardan to‘liq xabardor emas. Ularning ko‘pchiligi mehnat qonunchiligi bo‘yicha yetarli bilimga ega emasligi tizimda qonunbuzilish holatlarga yo‘l qo‘yayotganligida namoyon bo‘lmoqda.
Qonunchilikka muvofiq, tibbiyot sohasida ta’til kunlari, rag‘batlantirish va oylik maoshga ustama to‘lanishining boshqa sohalardan farqli tomonlari bor. Misol uchun, zararli omillar bilan ishlaydigan xodimlar uchun jamoa shartnomasiga asosan, 6 kundan 12 kungacha qo‘shimcha ta’til berilishi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, texnik xodimlarga 6 kun, o‘rta ma’lumotli va asosiy xodimlarga 9 kun hamda zararli omillar bilan ishlaydigan xodimlarga 12 kun qo‘shimcha ta’til berilishi kerak. Zararli omillar bilan ishlovchi xodimlarga ish o‘rni attestatsiyasi bo‘yicha yana qo‘shimchalar belgilangan. Ish beruvchi ko‘pincha ish o‘rni attestatsiyasini o‘tkazmay turib, mehnat ta’tiliga o‘sha kunlarni qo‘shmaydi.
Yangi mehnat kodeksining 221-moddasida xodimning ishlagan har 5 yili uchun qo‘shimcha ikki kundan ijtimoiy ta’til belgilangan. Tibbiyot xodimlari orasida 20 yildan ortiq ishlaganlari bor. Demak, ularga 8 kundan oshmagan ijtimoiy ta’til qo‘shib berilishi kerak. Mana shu omilni inobatga olmaslik holatlari ham ko‘p. Shuningdek, mehnat kodeksining 401-moddasida 12 yoshgacha ikki va undan ortiq bolalarni yoki 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan ota-onalarning biriga 4 kun yana qo‘shimcha ta’til belgilangan. Bu normalar xodimning yillik mehnat ta’tiliga qo‘shilishi va belgilangan tartibda hisob-kitob qilinishi lozim.
Xodimning manfaatini himoya qilish oson kechmaydi, albatta. Faoliyatimizda ish beruvchining noto‘g‘ri hisoblangan mablag‘larni to‘lashdan bosh tortib, “kerak bo‘lsa, sud orqali undiring” deydigan holatlar ko‘p bo‘ladi. Keyin ish sudga oshiriladi. Qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilganligi sudda isbotlansa, avvalo ish beruvchiga davlat boji to‘lash yuklanadi. Shuningdek, bir nechta xodimning sudlarda ishtirok etish uchun ishdan qolishiga to‘g‘ri keladi, fuqarolik ishi kamida 2-3 marta bo‘lib o‘tadi va bu jarayon tashkilotning obro‘siga ham salbiy ta’sir qilmay qolmaydi.
Noto‘g‘ri hisoblangan mablag‘larni undirish yoki xodimni ishga tiklash jarayonida inspektorlarni eng ko‘p qiynaydigan narsa hujjat yig‘ish ishlaridir. Ya’ni har bir xodimga tegishli bo‘lgan 4-5 tagacha hujjat yig‘ilishi kerak. Barcha hujjatlar elektron holatda Adolat.uz elektron portaliga joylanadi. Keyin ular tekshirilgach, sud bo‘ladigan kuni belgilanadi. Lekin ko‘p hollarda ish beruvchilar tomonidan xodimlarga tegishli bo‘lgan zarur hujjatlar o‘z vaqtida taqdim etilmaydi. Buning oqibatida anchagina vaqt yo‘qotiladi. Hujjatlar yig‘ilgach, birinchi instansiya sudlari, agar taraflar noroziligi bo‘lsa, appellyatsiya, kassatsiyagacha fuqarolik ishi bo‘lib o‘tadi. Bu ba’zan bir necha oy vaqtni talab qilishi ham mumkin.
Shuning uchun avvalo qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ymaslik, mabodo shunaqa holat aniqlansa, noto‘g‘ri hisoblangan pullar o‘z vaqtida to‘lab berilishi kerak. Aks holda ish sudga oshirilsa, ko‘pgina ovoragarchiliklar kelib chiqaveradi.
Ayni paytda tizimdagi ish beruvchilar, kadrlar bo‘limi boshliqlarini va hisobchilarni ko‘proq o‘qitish va malaka oshirishga ehtiyoj bor. Ularning mehnat qonunchiligi va boshqa normalardan mudom xabardor bo‘lishi, o‘z ustida ishlashi va belgilangan qoidalarga amal qilishi foydadan holi bo‘lmaydi.
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: