YOSHLAR OYLIGI DOIRASIDA “QUVNOQLAR VA ZUKKOLAR” TANLOVI TASHKIL ETILDI

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan “Yoshlar oyligi” va 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Tanlovda jamoalar Toshkent viloyati kubogini qo‘lga kiritish uchun o‘zaro bellashdilar.

Mazkur tanlovning asosiy maqsadi yoshlarning ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini boyitish, iste’dodli va tashabbuskor talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchi jamoalarga muvaffaqiyat tiladi. Kasaba uyushmalari tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar haqida to‘xtalib, ushbu ko‘rik-tanlov ham ana shunday muhim tashabbuslardan biri ekanini ta’kidladi.

Tanlov davomida jamoalar “Toshkent viloyatida nima gaplar?”, “Hakamlar bilan savol-javob” hamda “Musiqiy chiqish” shartlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdilar.

Jamoalarning chiqishlari madaniyat va san’at sohasi vakillari, kasaba uyushmalari mutaxassislari hamda jamoatchilik faollaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Chirchiq davlat pedagogika universitetining “Parvoz” jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallab, Toshkent viloyati kubogi sohibiga aylandi. 2-o‘rinni Toshkent davlat agrar universitetining “Yangi yulduzlar” jamoasi, 3-o‘rinni esa Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universitetining “Amakivachchalar” jamoasi qo‘lga kiritdi.

Tadbir yakunida g‘oliblar va maxsus nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar diplomlar, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Print Friendly, PDF & Email