12-may – “Xalqaro hamshiralar kuni” munosabati bilan tibbiyot xodimlari e’tirof etildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, xususan, tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning mehnatini e’tirof etish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-noyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi PQ–336-son Qarori ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hamkorlikdagi chora-tadbirlar doirasida 2026-yil davomida Toshkent viloyatidagi davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan 84 nafar tibbiyot xodimlarini bosqichma-bosqich sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan.

Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning 2-bosqichi doirasida, sog‘liqni saqlash tizimidagi uzoq yillik samarali mehnati hamda 12-may – “Xalqaro hamshiralar kuni” munosabati bilan 27 nafar tibbiyot xodimiga dam olish va sog‘lig‘ini tiklash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan “Ko‘hinur” va “Umid gulshani” sanatoriylariga bepul yo‘llanmalar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi raisi S.Fayziyeva hamda Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent viloyati kengashi raisi Z.Ataxodjayev ishtirok etdi.

Viloyat Kengashi raisi S.Fayziyeva tibbiyot xodimlarining xalq salomatligini asrash yo‘lidagi mashaqqatli mehnatini yuksak baholab, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Shuningdek, hamshiralar va o‘rta tibbiyot xodimlarining kasbiga sadoqat, mehr va mas’uliyat bilan yondashishi sog‘liqni saqlash tizimi rivoji va samarali faoliyat yuritishida muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Tadbir davomida so‘z olgan tibbiyot xodimlari ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, bunday e’tirof va rag‘batlantirishlar kasbga bo‘lgan mas’uliyat va fidoyilikni yanada oshirishini ta’kidlashdi.

Ma’lumot uchun: 1-bosqich doirasida 2026-yil mart oyida 14 nafar tibbiyot xodimlariga sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etildi.

Print Friendly, PDF & Email