O‘zbek xalqi azal-azaldan ustoz zotini ulug‘lab keladi. “Ustoz otangday ulug‘” degan dono naql xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan hayot falsafasini ifodalaydi. Har bir insonning hayotida unga saboq bergan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan, bilim va ma’rifat chirog‘ini yoqqan ustozning o‘rni beqiyosdir. Shu boisdan ham 1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” xalqimiz hayotida yuksak qadriyat, mehr va ehtirom bayrami sifatida nishonlanadi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan, Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Toshkent viloyati oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi hamkorligida Quyi Chirchiq tumanidagi “Beruniy” madaniyat saroyida 1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan “Yangi oʻzbekiston tayanchi, siz aziz ustozlar!” mavzusida madaniy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva, Toshkent viloyati oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi rahbari N.Kulbekova, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari R.Sheraliyev, Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Mamatqulov, Toshkent viloyatidagi umumta’lim maktablari, maktabgacha, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi va xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirni S.Fayziyeva kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni 1-oktyabr – “Ustoz va murabbiylar kuni” bilan tabrikladi. Kengash raisi so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimiz ta’lim tizimida amalga oshirilgan tub islohotlar, ularning natijasida bugungi kunda yurtimizda ta’lim sifatining oshib borayotgani, bu borada kasaba uyushmalarining o‘rni va roli to‘g‘risida atroflicha fikr bildirdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT bosh assambleyasining 80-yubley sessiyasida soʻzlagan nutqining mazmun-mohiyati, sessiya doirasida oʻtkazilgan tadbirlar hamda xalqaro uchrashuvlardagi ishtiroki toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Tadbir davomida 85 nafar ta’lim tizimi fidoyilariga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, ta’lim tizimida uzoq yillardan buyot samarali mehnat faoliyatini yuritayotgan 24 nafar fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarga O‘zbekiston Kasaba uysuhmalari Federatsiyasi tizimidagi “Ko‘hinur” va “Umid gulshani” sanatoriylariga bepul yo‘llanmalar topshirildi.
Tadbirning badiiy qismida namoyish etilgan sahnaviy chiqishlar va sho‘x kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat baxsh etdi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi
Toshkent viloyati Kengashi
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: