Yurtimizda har bir bayram arafasida nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan insonlar holidan xabar olish, ularga bayramona kayfiyat ulashib, ko‘nglini ko‘tarish ezgu an’anaga aylangan.
Ana shunday tadbirlardan biri bugun Ohangaron shahridagi Toshkent viloyati Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni hamda Ramazon oyi munosabati bilan “Doim e’tibordasiz!” mavzusida tashkil etildi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinboasari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i N.Normirzayeva, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva, “Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari A.Nosirov, Ohangaron shahar hokimligi mas’ullari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabrikladilar. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan aholi qatlamining hech biri e’tibordan chetda qolmayotgani, ular davlat muhofazasida ekanligi, davlat bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari tomonidan ham doimo qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.
Tadbir davomida markazda istiqomat qilayotgan 63 nafar onaxonlarga O‘zKUF Toshkent viloyati Kengashi hamda Oila va xotin-qizlar boshqarmasining bayram sovg‘alari topshirildi. Nuroniylarning holidan xabar olinib, ularga yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Tadbirning badiiy qismida Ohangaron shahar Madaniyat bo‘limi hamda folklor jamoalari tomonidan tayyorlangan musiqiy dastur ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: