O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashida navbatdagi Ijroiya qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita a’zolari, tarmoq kasaba uyushma kengashlari, birlashgan qo‘mitalar, tuman-shahar kengashlari va boshlang‘ich tashkilotlar qo‘mita raislari hamda mas’ul tashkilotchilar ishtirok etdi.
Yig‘ilishni viloyat kengashi raisi S.Fayziyeva olib bordi. Unda joriy yilning 1-yarim yillik ish rejasiga asosan, kengashning mehnat-texnik inspektori, Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda kengash faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi va boshqa masalalar tanqidiy-tahliliy tarzda ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, Angren shahridagi “Birinchi rezinotexnika zavodi”, “Maxam-Chirchiq” hamda “Ammofos-Maxam” aksionerlik jamiyatlaridagi faoliyat o‘rganilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, “Maxam-Chirchiq” AJda 1 nafar xodim kasb kasalligiga chalingan, “Ammofos-Maxam” AJda esa, 2 nafar xodim ishtirokida baxtsiz hodisa sodir bo‘lganligi holatlari qayd etilgan. Barcha holatlar yuzasidan maxsus tekshiruvlar o‘tkazilib, yetkazilgan zararlar qoplab berilgan.
Nurafshon shahar Obodonlashtirish va “Toza hudud” DUK, O‘rta Chirchiq hamda Piskent tumanlari Obodonlashtirish boshqarmalari kasaba uyushmalari qo‘mitalari faoliyati ham o‘rganilgan. Unga ko‘ra, ish beruvchilar tomonidan ko‘p farzandli oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, xodimlarga 50 foiz choraklik rag‘batlantirishlar to‘lab berilmoqda. Mazkur tashkilotlarda so‘nggi bir yilda kasb kasalligiga chalinish yoki baxtsiz hodisalar sodir bo‘lishi kuzatilmagan.
Biroq, ish beruvchilar tomonidan yaratilgan sharoitlar o‘rganilganida, ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlangan. Xususan, yuqorida keltirilgan barcha tashkilotlarda maishiy xonalar mavjud emas, jumladan, ayollar uchun alohida gigiyenik xonalar mavjud bo‘lsa-da, ular ta’mirtalab, erkak va ayollar uchun alohida xojatxonalar yo‘q. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan xodimlar chiqimdor bo‘lgan holda, o‘z hisobidan tibbiy ko‘riklardan o‘tib kelishgan.
Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi tarmog‘idagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati o‘rganilganida, Yuqori Chirchiq tumanidagi 24-sonli, Parkent tumani 29-sonli Bolalar musiqa va san’at maktablari, har ikkala tumandagi Madaniyat bo‘limlari, Chirchiq shahar tarix muzeyi, Angren shahar 2-sonli sport sport maktabi kasaba uyushma qo‘mitalarining 2022-2023 yillar hamda 2024 yilning 1-yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejalarining hanuz ishlab chiqilmaganligi, kasaba uyushma ishini yorituvchi maxsus burchaklar tashkil etilmaganligi aniqlangan.
Shuningdek, yig‘ilishda viloyat kengashi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarida tashkil etilgan tadbirlarning tarmoqlar kesimida ommaviy axborot vositalarida yoritilish ishlari ham tahlil qilindi. Ayrim tarmoq kasaba uyushma kengashlarining bu borada sustligi yaqqol ko‘zga tashlanayotganligi, muhim ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ularning omma e’tiboriga olib chiqilmasligi tanqid ostiga olindi.
Yig‘ilishda boshqa tarmoq kasaba uyushmalarining faoliyatiga ham xolis baho berildi. Ijobiy ishlarni e’tirof etish bilan birga, tashkilotlarda xavfsiz mehnat sharoitlarining yaratilishi, ish joylarining mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini doimiy nazorat qilish, baxtsiz hodisalarning oldini olish, bu borada jamoatchilik nazoratini ham olib borish ta’kidlandi. Shuningdek, Angren shahridagi “Birinchi rezinotexnika zavodi” AJda mehnat xavfsizligini oshirish, baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan namunali seminar o‘tkazish belgilab olindi.
Yig‘ilish so‘ngida kengash rayosati a’zolari tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olinib, tegishli vazifalar belgilandi hamda Ijroiya qo‘mitasining qaror loyihasi ma’qullandi.
Xolida EGAMBERDIYEVA,
“ISHONCH”
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: