O‘zbekiston kasaba uyushmalari 120 yillik tarixga egadir. Ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda ishchi-xodimlarning ilk kasaba harakati XX asrning avvalida Turkiston o‘lkasida boshlangan. O‘lkamizdagi ilk kasaba uyushmalari 1905-yilda temiryo‘lchilar va aloqa xodimlari tomonidan tashkil etilgan.
Bugungi kunda kasaba uyushmalari eng yirik jamoat tashkiloti sifatida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash orqali Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Vatan istiqboli yo‘lida olib borayotgan tarixiy islohotlarni hayotga tatbiq etishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Jamoatchilikni kasaba uyushmalari faoliyati, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish, ishchi-xodimlarning mehnatga oid huquqlarini himoya qilish maqsadida kasaba uyushmalari hamda ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zKUF Toshkent viloyati Kengashi tomonidan respublika va viloyat miqyosidagi OAV vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollari uchun “O‘zbekiston kasaba uyushmalari – 120 yillik ishonch va birdamlik” mavzusida press tur tashkil etildi.
Ushbu tadbirda jurnalistlar viloyat kengashi, yirik korxona, sihatgoh va oromgohda bo‘lib, u yerdagi ishchi-xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar, olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Press tur doirasida dastlab, soha mutaxassislari Toshkent viloyati kengashidagi har bir bo‘lim, tarmoqlar va ularning ishlari bilan tanishtirildi.
So‘ngra, kengash raisi Sayyora Fayziyevaning “O‘zbekiston kasaba uyushmalari – 120 yillik ishonch va birdamlik” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi, rais kasaba uyumalarining uzoq yillik tarixi, uning turli davrlardagi rivoji, ulkan ishlarda ishchilarning mehnati hamda ularning muhofazasi va bugungi olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida so‘zladi.
Shundan so‘ng press tur ishtirokchilari Chirchiq shahridagi “Agro Tech Klaster” korxonasiga tashrif buyurib, korxona kasaba uyushma qo‘mitasi faoliyati va ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Ushbu korxonada bugungi kunda 505 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Ularning barchasi kasaba uyushmalarining Metallurgiya va mashinasozlik tarmog‘iga a’zo. Ishchilarning 22 foizi yoshlar, 14 foizi ayollar. Toshkent shahridan ishga qatnovchilar uchun bepul avtobus yo‘lga qo‘yilgan. Uy-joy masalasida murojaat qilganlarga ham bu borada ko‘maklashiladi.
Korxonada mexanik ishlov berish, payvandlash, xom ashyo tayyorlov, presslash, galvanika, termik ishlov berish, bo‘yoqlash hamda yig‘uv sexlari mavjud. Ishlab chiqarishda zararli omillar borligi sabab, bu yerda eng avvalo ishchilar mehnat xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Ularga maxsus kiyim-bosh berilgan, sut mahsulotlari bilan ta’minlanadi. O‘z vaqtida dam olish va davolanishlari uchun ham barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Korxonadagi yana bir ahamiyatli jihat, ishchi-xodimlar ish jarayonida xorijdagi hamkor kompaniyalarda tajriba orttirishadi. Xususan, yil boshidan buyon 10 nafar ishchi-xodimlar Xitoy hamda Koreya respublikalarida malaka oshirib qaytishgan.
Press turning navbatdagi manzili Bo‘stonliq tumanida joylashgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Sevarsoy” sanatoriysi bo‘ldi.
Ishtirokchilar sanatoriydagi har bir xona, davolash muolajalari, sport va boshqa xil mashg‘ulotlar bilan tanishdilar, dam oluvchilar bilan suhbatlashishdi.
Press turning so‘nggi manzili Bo‘stonliq tumani Yusufxona qishlog‘idagi “Nihol” bolalar oromgohi bo‘ldi. Ishtirokchilar oromgohda har bir xonalarni aylanib, dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashishdi.
Oromgohda barcha sharoitlar yetarli, bolalarni yo‘qlab kelgan yaqinlari bilan muloqot qilishlari uchun ham zarur sharoitlar taxt qilingan. Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘tgan yilgidan farqli o‘laroq, bu yil barcha yo‘llanmalarni onlayn tarzda xarid qilish imkoni yaratilgan. Istovchilar Oromgoh.uz saytidan yo‘llanmalarga ega bo‘lishlari mumkin. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan, kasaba uyushmalari tasarrufidagi sog‘lomlashtirish oromgohlariga, kasaba uyushma a’zolari uchun 50 foiz to‘lov joriy qilingan.
Shuningdek, press tur ishtirokchilari oromgohdagi 4-bosqich dam olish mavsumining ochilish marosimida ishtirok etishdi.
4-mavsumning boshlanishida jami 11 ming 423 nafar bolani sog‘lomlashtirishga erishiladi.
✍️O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi