“VATAN” VATANIMIZGA MUNOSIB JURNAL

Yangiliklar

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida chop etilayotgan yangi nashrdagi “Vatan” jurnalining birinchi sonini qo‘limga olganimda, muqovadagi “O‘zbek kelayotir…” degan so‘zlarni o‘qib, o‘zgacha his tuyganman. Ayniqsa, undan keyingi sahifada ozar shoiri Akif Bag‘irning shu nomli she’rini to‘liq o‘qib chiqib, vujudimda allanechuk titroq sezdim.

Jurnal sahifalaridan o‘rin olgan – “O‘zbekiston qahramoni”, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning   “Imtihon”, Abdurauf Fitratning “Yurt qayg‘usi”, Cho‘lponning “Go‘zal Turkiston” nomli misralari-yu, Osman Mestenning “O‘zbekiston buyuk Turkistonning qalbidir” kabi she’rlar bilan boshlanganligining o‘ziyoq, ona vatanimizning o‘tmishi, buguni va kelajagini ko‘ra olgan bu ma’rifat peshvolarining Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatini his qilishga undaydi.

Ijtimoiy-siyosiy jabhalarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev  tomonidan xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuksaklarga ko‘tarish yo‘lida olib borilayotgan ishlar, yangidan-yangi ezgu maqsadlar hech birmizni befarq qoldirmasligi aniq.

Pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshning “Buzilmas qo‘rg‘on” nomli maqolasini o‘qiganimda, ayni paytda jamiyatda o‘zbek tilining har doimgidan ham ko‘proq himoyaga muxtojligi haqida yozganlari o‘ylantirdi. Darhaqiqat, maqolada yozilganidek, bugun milliy tildan foydalanishda ommaviy beparvolik, saviyasizlik matnlarda, so‘zlashuvlarda ko‘p kuzatilyapti. Uyg‘oq qalb bilan yozilgan ushbu maqola menda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, Michigan universiteti professori Temur Xo‘jao‘g‘lining “Men Vatanda emasman, Vatan mening ichimda” maqolasi, taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonning “Onamning yurti” hikoyasini maroq bilan o‘qidim. Umuman, jurnal sahifalaridan joy olgan turli ma’rifiy-madaniy, tarixiy maqolalar kishida o‘zgacha tassurotlar qoldirishi shubhasiz.

Yaqinda qo‘limizga yetib kelgan jurnalning 2-sonida chop etilgan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning oz muddat bo‘lsada, hayoti va ijodi yo‘lida boshidan o‘tkazgan kechinmalari, ona vatan sog‘inchida Saudiya Arabistoni, Liviya davlatlarida bir necha yillar mobaynida yashaganlarini o‘qib, ta’sirlandim. Ayniqsa, O‘zbekistonda qolgan, vafot etgan volidasini so‘nggi yo‘lga kuzatolmaganlari, o‘sha vaqtda qizlari Odinaxonga “Qizim, boshimni silagin, sening qo‘llaring onamning qo‘llariga o‘xshaydi” deya o‘ksib yig‘lagan paytlarini o‘qib ko‘zimga yosh keldi. Buyuk shayxning musofir yurtlarda chekkan zahmatlari, Vatan sog‘inchi, pinhon tutgan ko‘z yoshlari haqida o‘qigan odam beixtiyor o‘sha onga guvoh bo‘lgandek his qiladi o‘zini. Xalqimizga muqaddas dinimizni to‘g‘ri anglatishga katta hissa qo‘shgan, “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot” turkumini bitgan shayx xazratlaridan umrbod minnatdor bo‘lamiz.

Toshkent viloyati farzandi bo‘lganim uchun, taniqli jurnalist G‘ayrat Sheralievning “O‘tmish va kelajak chorrahasi” maqolasi ham meni befarq qoldirmadi. Unda Olmaliq, Ohangaron, Bo‘ka va Oqqo‘rg‘on kengliklarining qadimda Iloq davlati bo‘lgani, Olmaliqdagi konning o‘sha davrlarda ham mashhurligi, hatto zarb etilgan tangalarga ham “Shosh koni” deya yozuvlar bitilganligi va boshqa ma’lumotlar men uchun yangilik bo‘ldi. Bu ma’lumotlardan so‘ng, Olmaliqdagi ishlarning bugungi ko‘rinishidan kelib chiqib, haqiqatdan ham u yerlar tarix va kelajak tutashgan yerlar ekaniga amin bo‘ldim. Ha, ushbu ma’danlarga boy konga bugungi kunda Davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlari katta e’tibor qaratyapti. Ayni paytda ishlab chiqarishning kengayishi, konning nufuzi ortishi bilan bir qatorda, necha minglab ishchi-xodimlar ro‘zg‘orini butlab, oilasini boqmoqda. Bu shaharda faoliyat yuritayotgan uchta yirik oliygohlar ham hudud yoshlarining ilm olishi, aynan yuqoridagi sohalarda yetuk mutaxassislar etib tayyorlanayotgani kishida faxr tuyg‘usini oshiradi.

Yana bir men uchun yangilik bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘zim tushdi. Bir asr oldin Vatan ozodligi, ilmu-ma’rifat uchun kurashgan ko‘plab buyuk shaxslarni va ayniqsa, ularning ayanchli taqdirlari, keyinchalik oqlanganlari haqida o‘qiganman. Shu jumladan, Shermuhammadbek qo‘rboshi haqida ham. Ammo uning nabirasi Osmanbekning ayni paytda Turkiya davlatida yashashi, bobosi to‘g‘risida ma’lumotlar berishi men uchun kutilmagan voqealardan biri bo‘ldi. Asli to‘g‘riso‘z, jasoratli, mard bo‘lgan Shermuhammadbekning o‘z yurtida bosmachi, kallakesar va zolim bir to‘daboshi sifatida tamg‘a qo‘yilganligi kishini o‘yga toldiradi. Osmanbekning bobosi haqida keltirganlari, ayniqsa, “Bobom bizga Vatan va millat ishqini meros qilib qoldirdi” degan so‘zlari u kishiga nisbatan yanada dilimga faxru iftixorni joyladi.

Men “Vatan”ning har bir sahifasini maroq bilan o‘qidim. Shu boisdan ham, bu maqolani hali uzoq davom ettirish mumkin. Undagi har bir sarlavha, teran mazmunga ega maqolalar menga manzur bo‘lmoqda. Sevimli jurnalimning keyingi sonlarini ham intiqlik bilan kutaman.

Nursulton BEKTOSHEV,
Toshkent viloyati Kengashi Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini  himoya qilish bo‘limi mudiri

Print Friendly, PDF & Email