25-aprel kuni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik bayrami hamda 28-aprel – “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari B.Maxmadaliyev, Toshkent viloyat Kengashi raisi S.Fayziyeva, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari A.Yuldashev, “OKMK” AJ mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Sh.Jurayev, Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi bosh davlat inspektori B.Kuchkarov, tarmoq kasaba uyushmalari viloyat kengashlari raislari va mas’ullari, korxona va tashkilotlardagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari, mehnat muhofazasi bo‘yicha mas’ullar ishtirok etdi.
Tadbirning birinchi qismida mehnat muhofazasi bo‘yicha mas’ullar uchun seminar tashkil etildi. Seminarda ma’ruzachilar tomonidan mehnat muhofazasi va texnika xavsizligini ta’minlashning dolzarb masalalari, ushbu yo‘nalishda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, sohada raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha yig‘ilganlarga muhim ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng “Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish” yuzasidan respublika ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. “Eng yaxshi tashkilot”, “Eng yaxshi kasaba uyushma qo‘mitasi”, “Eng yaxshi mehnat muhofazasi bo‘yicha vakil”, Eng yaxshi mehnat muhofazasi bo‘yicha yosh mutaxassis” nominatsiyalari bo‘yicha 81 nafar ishtirokchilardan 59 nafari 1, 2, 3-o‘rinlarga munosib deb topilib, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, aprel oyida o‘tkazilgan Toshkent viloyatidagi tarmoq kasaba uyushma tashkilotlari tizimida “Elektr energiyasi va yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash bo‘yicha eng yaxshi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti tarmoq ko‘rik-tanlovi”ning viloyat bosqichi g‘oliblariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tadbir doirasida xodimlarga sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olishda foydalaniladigan maxsus kiyim-bosh, shaxsiy himoya vositalari, maxsus texnika jihozlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: