Arzon uy-joyga ega bo’lmoqchimisiz, unda siz…

Viloyat yangiliklari

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi «2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, aholiga yanada qulay imkoniyat va sharoit yaratish maqsadida arzon, zamonaviy, shinam, imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan uy-joylar qurishga kirishilmoqda. Xususan, joriy yilda mamlakatimiz qishloq massivlarida 15 mingta ana shunday turarjoy barpo etiladi.

Bu uylarni olish tartibi qanday? Ular kimlarga beriladi? Buning uchun qanday hujjatlar zarur bo‘ladi?
Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ATB «Qishloq qurilish bank» boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Akbar ESHONQULOV shular xususida atroflicha ma’lumot berdi.
Tanlang: uylar uch xil Yakka tartibdagi uy-joylar namunalarining uch turini barpo etish nazarda tutilgan:
— xo‘jalik imoratlari va obod hovlilari bo‘lgan ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali (2, 3 xonali) uylar;
— aholi zich joylashgan tumanlarda hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,02 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 2 va 3 xonali uylar;
— hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,04 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan uylarni o‘z ichiga oladi.
Amaldagi namunaviy uylar (6 sotixli)ning ham qurilishi davom ettiriladi.

Maydoni va narxi

Uy-joyning birinchi turi bo‘yicha umumiy maydoni 42,4 kvadrat metr bo‘lgan ikki xonali kvartiralarning taxminiy qiymati 72,5 million so‘m, xo‘jalik imoratlari bilan hisobga olingan holda 85 million so‘m bo‘lishi rejalashtirilmoqda. O‘z navbatida, uch xonali kvartiralarning maydoni 52,4 kvadrat metr va o‘rtacha narxi 88,5 million so‘m, xo‘jalik imoratlari hisobga olinganda 100,7 million so‘m bo‘ladi.
Bu uylarni qurishda kvartiralar egalarining talab va istaklarini inobatga olgan holda hovlida joylashadigan imoratlar — bolalar maydonchalari, dam olish uchun ayvonlar, dush va boshqalar qurish nazarda tutiladi.
Uy-joyning ikkinchi turiga muvofiq, aholi zich joylashgan tumanlarda 2 sotix maydondagi yer uchastkasida bir qavatli ikki va uch xonali arzon uylar bunyod etiladi. Bunday ikki xonali uyning umumiy maydoni 53 kvadrat metr va taxminiy qiymati 93,8 million so‘m (101,5 million so‘m — xo‘jalik imoratlari bilan). Uch xonali esa 63,5 kvadrat metr va o‘rtacha 111 million so‘m (118,7 million so‘m — xo‘jalik imoratlari hisobga olingan holda). Uylarning hovlisida xo‘jalik imoratlari qurish mo‘ljallangan.
Uchinchi turi. Ular 4 sotix yer uchastkasida barpo etiladigan, umumiy maydoni 115 kvadrat metr, yagona blokka birlashtiriladigan ikki qavatli to‘rt xonali uylardir. Narxi 162 million so‘m, xo‘jalik imoratlari bilan 181,8 million so‘mni tashkil etadi.
Moliyalashtirish Uy-joy qurilishini moliyalashtirishda quyidagi manbalardan foydalaniladi:
aholining o‘z mablag‘i, ya’ni boshlang‘ich badal. Bunda uy-joyga talabgor fuqarolarning dastlabki badali quyidagi miqdorlarni tashkil etadi:
15 foiz — ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali (2-3 xonali) uylar va 2, 3 xonali bir qavatli (2 sotixli) uylar uchun;
25 foiz — 4 sotixli (ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan) va 6 sotixli uylar uchun.
— yakuniy badal.

Mahalla vakolati

Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar toifasiga — hovlidagi imoratlar va obod hovlilar bilan birgalikda ikki, uch qavatli ko‘pkvartirali (2-3 xonali) uylar va 0,02 gektar o‘lchamli yer uchastkalarida aholi zich tumanlarda joylashtiriladigan hovlisida imoratlari bo‘lgan bir qavatli 2 va 3 xonali uylar kiritilgan.
Mazkur uy-joylarga talabgorlarni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari aniqlaydi. Ular uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni dastlabki tanlashni amalga oshiradi. Bunda uy-joyning birinchi va ikkinchi turiga talabgor fuqaroga tavsifnoma berish yo‘lga qo‘yiladi. Shu orqali tizimning shaffofligi va ishonchliligi ta’minlanadi.

Tavsifnoma beriladi, agar…

Fuqarolarga tavsifnoma berganda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi quyidagi ijtimoiy mezonlarni hisobga oladi:
a) ariza beruvchida mulk huquqi bilan turarjoyning yo‘qligi va turarjoyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz xonadonda yashashi;
b) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) yashashi;
v) ko‘p bolali;
g) oilaning kam ta’minlangani;
d) bir yoki undan ortiq bola ota-onalardan biri (to‘liq bo‘lmagan oila) tomonidan tarbiyalanishi va boqilishi;
ye) ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan ro‘yxatga muvofiq, alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;
j) ariza beruvchining oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjudligi;
z) uy-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ijtimoiy normaga muvofiq emasligi.

Kredit ajratish shartlari

— murojaat qilgan kunida 18 yoshga to‘lgan, qishloq joyda yashaydigan, kreditga layoqatli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi;
— uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oila bo‘lishi (1 va 2-tipdagi uy-joy oluvchilari uchun);
— boshlang‘ich badalni to‘liq shakllantirgani (1 va 2-tipdagi uylar bo‘yicha uy-joy qiymatining 15 foizi, 3-tipdagi va 6 sotixli uylar bo‘yicha 25 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda);
— eng kam ish haqining 1000 barobarigacha, (4 va 6 sotix yer maydonida quriladigan uy-joy bo‘yicha), shuningdek, qurilayotgan uy-joy smeta qiymatining 75 foizi (3-tipdagi va 6 sotixli uy bo‘yicha) va 85 foizidan (1 va 2 — tipdagi uylar bo‘yicha) oshmagan miqdorda;
— imtiyozli foiz stavkasida;
— asosiy qarzni qaytarish bo‘yicha 3 yil muddatga imtiyozli davr bilan;
— 15 yil muddatgacha kredit ajratiladi.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Bankdan kredit olish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
— ariza;
— fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining yozma tavsiyasi (1 va 2-turlari uchun);
— qarz oluvchi/birgalikda qarz oluvchining pasport nusxasi;
— oila tarkibi to‘g‘risida yashash joyidan berilgan ma’lumotnoma;
— qarz oluvchi/birgalikda qarz oluvchining moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar;
— boshlang‘ich badal mablag‘i to‘liq shakllantirilgani to‘g‘risida ma’lumotnoma;
— «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi bilan buyurtmachi vazifasini bajarish uchun tuzilgan dastlabki shartnoma.

Imtiyoz va qulayliklar

Ushbu uy-joyga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga bir qancha qulaylik va imtiyozlar berilgan. Jumladan:
— uzoq muddatli kredit (15 yilgacha);
— kreditdan foydalanganlik uchun imtiyozli foiz stavkasi dastlabki 5 yil uchun 7 foiz va qolgan 10 yil davomida Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi miqdorida belgilangan;
— jismoniy shaxslar va ular oila a’zolarining (turmush o‘rtog‘i, ota-onasi, farzandlari) soliqqa tortiladigan ish haqi va boshqa daromadlarining imtiyozli kredit mablag‘lar va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo‘naltirilgan qismi daromad solig‘i to‘lanishidan ozod qilinadi;
— yakka tartibdagi uy-joy quruvchi bilan «Qishloq qurilish invest» o‘rtasida uy-joy qurishga buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish to‘g‘risida shartnoma imzolangandan keyin, unga yer uchastkasi tuman hokimi qarori bilan umrbod egalik qilish hamda meros qilib qoldiriladigan mulk tarzida rasmiylashtiriladi;
— 2013-yil 1-yanvardan davlat dasturi doirasida qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylarni sotib olgan jismoniy shaxslar, ular tomonidan ipoteka kreditlari to‘liq qoplangunga qadar mulk solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi;
— kreditning asosiy qarzi qaytarilishi bo‘yicha 3 yillik imtiyozli davr belgilangan.

Манба: kamolot.uz

Print Friendly, PDF & Email