KUCHLI KASABA UYUSHMALARI – KUCHLI JAMIYAT ASOSI!

Joriy yil 23-oktabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan Nurafshon shahrida joylashgan korxona va tashkilotlardagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Ushbu o‘quv-seminar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining 2025-yil 22-avgustdagi “Kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarning yakuni to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, ishtirokchilarning kasaba uyushmalari faoliyatidagi bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi.

Seminarni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik bayrami munosabati bilan tabrikladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17-oktabr kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida sakkizta yo‘nalish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish, bu borada tarmoq kasaba uyushmalari, tuman-shahar kengashlari va boshlang‘ich tashkilotlar imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish, kasaba uyushmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi. “Kuchli kasaba uyushmalari – kuchli jamiyat asosi!” degan tamoyilning bugungi kundagi ahamiyati ta’kidlandi.

Tadbir davomida kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan mavzularda ma’ruzalar qilindi va mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Xususan, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, huquqiy targ‘ibot ishlarini tashkil etishga doir huquqiy yo‘nalishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, mehnatni muhofaza qilish, mehnatkashlarga xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va bu borada jamoatchilik nazoratini tashkil etish sohasida boshlang‘ich tashkilotlarning vazifalari hamda faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil tushuntirildi.

O‘z navbatida, yagona ijtimoiy to‘lovdan ajratmalar hisobiga xodimlar va ularning farzandlarini sog‘lomlashtirish uchun yo‘naltirilgan mablag‘larni maqsadli sarflash, moliyaviy masalalarda amaldagi me’yoriy hujjatlarga rioya etish, a’zolik badallari tushumlari to‘liqligini ta’minlash, moliyaviy intizomga rioya etish sohasida tuman kengashlari va boshlang’ich tashkilotlarning vazifalariga doir mavzu yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Yana bir muhim yo‘nalish, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda munosib mehnatni tashkil etish sohasida boshlang‘ich tashkilotlarning vazifalari hamda jamoa shartnomalari tuzish, bajarilishi ustidan nazoratini yuritish, boshlang’ich tashkilotlarning vazifalari hamda hujjatlar bilan ishlash tartibi va yosh ishchi xodimlar bilan ishlashning asosiy tamoyillariga doir bilimlar ham mustahkamlandi.

Shu bilan birga, «KasabaKIAT» tizimidan foydalanish tartibi yuzasidan mutaxassislar ma’ruzalari tinglandi.

Seminar so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi.

O‘quv-seminar boshlang‘ich tashkilot raislarining kasaba uyushmasi faoliyatini yanada samarali tashkil etish, xodimlarning mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ishonchli himoya qilish borasidagi salohiyatini oshirishga xizmat qildi.

Print Friendly, PDF & Email